Buket o‘rniga xayriya. Toshkent maktablari yangi o‘quv yili boshlanishi an'anasini qanday o‘zgartirmoqda?

Buket o‘rniga xayriya. Toshkent maktablari yangi o‘quv yili boshlanishi an'anasini qanday o‘zgartirmoqda?
View on original source
Category: Entertainment
Share
Archive
Like
Maktablarda o'quv yilining boshlanishi doimo o'qituvchilarga guldastalar taqdim etish bilan bog'liq bo'lib kelgan. Bu ustozlarga bo'lgan hurmat va e'tiborni ko'rsatuvchi go'zal an'ana bo'lsa-da, ayrim maktablar undan voz kechishni boshlamoqda. Toshkentdagi qator xususiy maktablarda ota-onalar va o'quvchilarga bir necha kundan keyin so'lib qoladigan gullarni sotib olish o'rniga xayriya aksiyalarida qatnashish taklif etilmoqda. Masalan, Leader School`da bir necha yildan buyon shaharga, so'nggi yillarda esa Taskin bolalar hospisi hududiga ekish uchun ko'chatlar yig'ilmoqda. Sehriyo, Oxbridge School va Vosiq International School esa bu yil onkologik kasallikka chalingan bolalarga ko'maklashish maqsadida Ezgu Amal jamoat fondi uchun mablag' yig'di. Gazeta o'quvchilarga yangi o'quv yilini ezgu amallar bilan boshlashga yordam bergan aksiyalar haqida hikoya qiladi. Foto: Farzona Hamidova / Gazeta Olti yildirki, Leader School xususiy maktabida yangi o'quv yili 'So'nmas ezgulik' aksiyasi bilan boshlanadi. O'qituvchilarga guldastalar berish o'rniga ota-onalar va o'quvchilar ko'chatlar — keyinchalik Toshkentning turli joylariga ekiladigan yosh daraxtlar, butalar va gullaydigan o'simliklarni xarid qiladi. 'Ko'chat shunchaki o'simlik emas, balki yangi hayot, umid va kelajak ramzidir. Aksiyamizning asosiy maqsadi — 'yordam', 'g'amxo'rlik' va 'hamdardlik' so'zlari haqiqiy ma'noga ega bo'lgan hamda amaliy ishlar bilan tasdiqlanadigan befarq bo'lmagan insonlar jamiyatini shakllantirishdir', — dedi maktab asoschisi va direktori Feruza Vahobova Gazeta bilan suhbatda. Foto: Farzona Hamidova / Gazeta O'tgan yillarda yosh daraxtlar va butalar maktab homiylik ko'rsatib kelayotgan Taskin bolalar hospisi hududiga ekilgan edi. Yil davomida o'quvchilar va o'qituvchilar mitti bemorlar holidan xabar oladi, sovg'alar yetkazib, ijodiy mashg'ulotlar va mahorat darslari tashkil etadi. Bu yil Leader School tez orada ochilishi rejalashtirilgan kattalar uchun hospis hududini ko'kalamzorlashtirishda ishtirok etdi. Aksiyada yuqori sinflarning 25 nafar o'quvchisi qatnashdi. Ular suriya gibiskusi, timyan, pavlovniya, katalpa, ignabargli daraxtlar, shuningdek, olma, nok, olcha, xurmo va boshqa mevali daraxtlar ko'chatlarini olib kelib ekdi. Foto: Farzona Hamidova / Gazeta 'Biz uchun bu shunchaki ekologik aksiya emas, balki o'smirlarni natijasini o'z ko'zlari bilan ko'ra oladigan haqiqiy ijtimoiy foydali ishga jalb qilish imkoniyatidir. Biz ekilgan daraxtlarning nafaqat hududni obodonlashtirishga qo'shilgan hissa, balki e'tibor, qo'llab-quvvatlash va insoniy g'amxo'rlik ramzi bo'lishini istaymiz', — deya ta'kidladi Feruza Vahobova. Foto: Farzona Hamidova / Gazeta Maktab ko'chatlarning ildiz otishi va o'sishini kuzatib borish hamda zarur bo'lganda ularni parvarishlashda ishtirok etish niyatida. 'So'nmas ezgulik' aksiyasi maktabning o'quvchilar, o'qituvchilar va ota-onalar jalb etilgan kengroq xayriya va ijtimoiy faoliyatining bir qismidir, dedi direktor. 'Bola uchun kattalar aytgan biror ishda shunchaki qatnashib qo'yish emas, balki buni nega va nima maqsadda qilayotganini, qilgan ishi kimga foyda keltirishini hamda ortidan qanday iz qoldirishini anglab yetish muhim. Biz uchun asl pedagogika mana shu — ma'nolar pedagogikasidir: shunchaki chiroyli tadbir o'tkazish emas, bolalarga mas'uliyat, g'amxo'rlik va daxldorlik tuyg'usini o'z tajribasida his qilishga yordam berish. Toki ezgulik mavhum bir so'z bo'lib qolmay, mohiyati bolaning o'ziga tushunarli bo'lgan aniq bir amalga aylansin', — deya ta'kidladi u. Sehriyo maktabi bu yil Ezgu Amal jamoat fondi tomonidan Toshkentda ilk bor o'tkazilgan 'Gullar o'rniga bolalar' aksiyasini qo'llab-quvvatladi. Ushbu tashabbus bundan 13 yil muqaddam Rossiyada paydo bo'lgan va shundan buyon boshqa MDH mamlakatlari hududida ham o'tkazib kelinmoqda. Uning mohiyati shundan iboratki, sinf o'qituvchiga barcha o'quvchilar nomidan bitta umumiy guldasta taqdim etadi, alohida-alohida gullarga sarflanishi mumkin bo'lgan mablag' esa xayriyaga yo'naltiriladi. Foto: Sehriyo 'Ushbu aksiya falsafasi bizga juda yaqin. Gullar, shubhasiz, go'zal, ammo bir haftadan so'ng ular so'liydi, bolaga ko'rsatilgan yordam esa uzoq muddatli va haqiqiy naf keltirishi mumkin. Biz bunday tashabbusni Toshkentda ham yo'lga qo'yish ajoyib bo'lardi deb o'yladik', — dedi Ezgu Amal fondi pedagogi va psixologi Kamilla Turaxodjayeva. Uning so'zlariga ko'ra, yangi o'quv yilining boshlanishi bolalar bilan mehribonlik, o'zaro yordam va hamdardlik haqida suhbatlashish hamda ushbu qadriyatlar muhimligini amaliy ishlar bilan tasdiqlash uchun ayni muddaodir. Foto: Sehriyo 'Bolaga shunchaki mehribon bo'lish kerakligi yoki boshqalarga yordam berish muhimligini uqtirishning o'zi kamlik qiladi. U o'z harakatining natijasini ko'rib, 'Men haqiqatan ham kimgadir yordam berdim' deb anglaganda bu ancha kuchliroq samara beradi. Shunda xayriya uzoq va mavhum tushuncha bo'lmasdan, bolalar hatto ularning kichik bir xatti-harakati ham katta ahamiyatga ega ekanini tushuna boshlaydi', — dedi psixolog. Turaxodjayeva ijtimoiy tarmoqlarda mazkur aksiya haqida so'zlab berib, ta'lim muassasalarini ham unga qo'shilishga chaqirdi. Ushbu chaqiriqqa Oxbridge xususiy maktabining ikkita filiali, Vosiq International School hamda 23 ta sinfi tashabbusni qo'llab-quvvatlagan Sehriyo maktabi xayrixohlik bildirdi. 'Biz bolalarda o'zaro yordam, g'amxo'rlik va bir-biriga befarq bo'lmaslik madaniyatini tarbiyalashni juda muhim deb bilamiz. Shuning uchun bu aksiyaga qo'shilish biz uchun tabiiy qaror bo'ldi. Bu g'oyani butun maktab iliq qarshi oldi: o'qituvchilar tashabbusni ma'qulladi, ota-onalar mablag' yig'ishda jon deb qatnashdi, o'quvchilar esa jarayonda faol ishtirok etdi', — deya ta'kidladi Sehriyo ma'muriyati. Foto: Sehriyo Tashabbusga bir nechta gul do'konlari ham qo'shildi: ayrimlari aksiya ishtirokchilari uchun chegirmalar taklif etgan bo'lsa, boshqalari guldastalar sotuvidan tushgan mablag'ning bir qismini fondga o'tkazib berdi. Ehsonlar fond saytidagi QR kod orqali va Oxbridge hamda Sehriyo maktablarida o'rnatilgan xayriya qutilari vositasida qabul qilindi. Yig'ilgan mablag'lar Ezgu Amal fondi qaramog'idagi onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ko'maklashish — qimmat dori-darmonlar, tibbiy tekshiruvlar yoki davolanish bilan bog'liq boshqa xarajatlarni qoplash uchun yo'naltiriladi.

(0)Comments

 

A note on cookies

Newshunt uses essential cookies to keep you signed in and to remember your language and country, so the site works the way you expect. With your permission, we'd also like to use analytics cookies to understand how people use Newshunt and improve it over time.

Accepting only affects analytics. To learn more, view our Privacy Policy or Terms & Conditions.