O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-sentabr kuni Belgradda bo'lib o'tgan O'zbekiston-Serbiya biznes-forumida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun beshta ustuvor yo'nalishni sanab o'tdi. Bular — mashinasozlik va elektrotexnika, farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo'jaligi hamda raqamli iqtisodiyot.
Uning so'zlariga ko'ra, siyosiy darajada erishilgan kelishuvlarni endi amaliyotga tatbiq etish zarur.
'Bizning vazifamiz — siyosiy ishonchni qo'shma ishlab chiqarish va investitsiyalar bilan mustahkamlash', — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident birinchi ustuvor yo'nalish sifatida mashinasozlik va elektrotexnika sanoatini qayd etdi.
Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston avtomobil sanoati General Motors, Volkswagen, Kia va BYD bilan hamkorlikda yiliga qariyb 500 mingta avtomobil ishlab chiqaradi. Elektrotexnika mahsulotlari esa 70 dan ortiq davlatga eksport qilinadi.
O'zbekiston Serbiya kompaniyalariga avtomobil va sanoat komponentlari, uskunalar hamda transformatorlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni taklif qildi.
Mirziyoyev Serbiyaning Goša FOM kompaniyasini alohida tilga oldi. Uning aytishicha, O'zbekiston hukumati kompaniyaning mamlakatda ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor.
Goša FOM — 1923-yilda tashkil etilgan yirik mashinasozlik korxonasi bo'lib, og'ir sanoat uskunalarini loyihalash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya yangi avlod koks-kimyo mashinalari, og'ir yuk ko'taruvchi ko'prik va portal kranlari, GESlar uchun gidromexanik uskunalar hamda tog'-kon sanoati texnikalarini ishlab chiqaradi. Korxonada ishlab chiqarishning to'liq sikli — loyihalash va metall konstruksiyalarni payvandlashdan tortib, aniq reduktorlarni yig'ishgacha bo'lgan jarayon yo'lga qo'yilgan. Zavod mahsulotlari MDH davlatlarini ham qo'shgan holda, dunyodagi yirik metallurgiya va energetika obyektlariga eksport qilinadi.
Ikkinchi yo'nalish — farmatsevtika sanoati. Mirziyoyev O'zbekiston farmatsevtika bozorini qariyb 3 mlrd dollarga baholadi va mamlakat nafaqat dori-darmon import qilish, balki ularni mahalliy ishlab chiqarishdan ham manfaatdor ekanini ta'kidladi.
'Sizlarni oddiy savdodan texnologiyalar transferi va qo'shma korxonalar tashkil etishga o'tishga taklif qilamiz', — dedi prezident.
U Serbiyaning Galenika va AbelaPharm kompaniyalarini ehtimoliy hamkorlar sifatida qayd etdi.
Prezident uchinchi yo'nalish sifatida yengil sanoatni qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo'lgan to'liq ishlab chiqarish zanjiri yaratilgan, to'qimachilik mahsulotlari esa 75 ta davlatga eksport qilinadi.
Mirziyoyev Serbiyaning Yumco va Luss Textile kompaniyalari bilan O'zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qildi.
Kelgusida qo'shma korxonalar mahsulotlarni nafaqat O'zbekiston va Serbiya bozorlariga yetkazib berishi, balki qo'shilgan qiymati yuqori mahsulotlarni boshqa davlatlarga ham eksport qilishi mumkin.
Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati yana bir istiqbolli yo'nalish sifatida qayd etildi.
Mirziyoyev O'zbekiston gilos, shaftoli, olxo'ri va o'rik eksportida yuqori o'rinlarda turishini ta'kidlab, seleksiya, urug'chilik va agrotexnologiyalar bo'yicha Serbiya tajribasiga qiziqish bildirdi.
Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston Novi-Saddagi ixtisoslashgan institut bilan kelishuvga erishgan.
'Bizda unumdor yer, yetarli suv bor — qo'shma agroklasterlar tashkil etishga tayyormiz', — dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev beshinchi yo'nalish sifatida raqamli iqtisodiyotni qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, so'nggi ikki-uch yilda O'zbekistonning IT xizmatlari eksporti 1 mlrd dollardan oshgan.
Prezident Serbiya kompaniyalarini 22−25-sentabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tadigan Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida (ICT Week Uzbekistan 2026) ishtirok etishga taklif qildi. Haftalik doirasida Serbiya kompaniyalari uchun alohida biznes-forum o'tkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq O'zbekiston va Serbiya strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatganini e'lon qilgan edi. Tomonlar erkin savdo to'g'risidagi bitimni tayyorlash jarayonini ham boshladi va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev to'laqonli elchixona ochilishini kutmasdan, Belgradda O'zbekistonning alohida diplomatik vakolatxonasini ochishga qaror qilinganini ma'lum qildi. Ilk diplomatlarni Serbiyaga kelgusi haftadayoq yuborish rejalashtirilgan.
Qolaversa, Toshkent va Belgrad o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovni yo'lga qo'yish rejalashtirilayotgani ham xabar qilingan edi. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning aytishicha, muntazam aviaqatnovlar yetti-sakkiz oy ichida yo'lga qo'yilishi mumkin.
Aleksandr Vuchich, shuningdek, O'zbekiston bilan mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofali ballistik raketalar yo'nalishida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Serbiya bunday raketalarni taxminan bir yildan keyin ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Mamlakat hozirda qisqa masofali raketalar ishlab chiqaradi.
Bundan tashqari, Vuchich Shavkat Mirziyoyev bilan energetika masalalarini muhokama qilganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston prezidenti mamlakat bir atom elektr stansiyasini Rossiya bilan qurayotgani, ikkinchisini esa Xitoy bilan qurishga tayyorlanayotganini ma'lum qilgan.
(0)Comments