Serbiya O'zbekiston bilan mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofali ballistik raketalar yo'nalishida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda 8-sentabr kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Belgraddagi O'zbekiston-Serbiya biznes-forumida ma'lum qildi.
Vuchichning aytishicha, ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar 'zamonaviy tarixdagi eng yuqori darajaga' ko'tarilgan.
'Bugun biz Serbiya va O'zbekiston o'rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatish bo'yicha tarixiy qaror qabul qildik. Bu shunchaki yangi maqom emas, balki ishonch, o'zaro hurmat va umumiy kelajak yo'lidagi ongli tanlovdir', — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning so'zlariga ko'ra, endi strategik sheriklikni aniq loyihalar bilan boyitish zarur. Bular investitsiyalar, yangi ish o'rinlari yaratish, savdo hajmini oshirish va boshqa hamkorlik yo'nalishlarini qamrab oladi.
Aleksandr Vuchich O'zbekiston-Serbiya biznes-forumida Belgrad va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnov yaqin yetti-sakkiz oy ichida yo'lga qo'yilishi mumkinligini aytdi.
Uning so'zlariga ko'ra, muntazam aviaqatnovning yo'lga qo'yilishi ishbilarmonlik aloqalari, turizm va ikki mamlakat fuqarolari o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev ham to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovni yo'lga qo'yishni tezlashtirish bo'yicha topshiriq berganini aytdi.
O'zbekiston prezidenti 'Serbiya prezidenti bilan samarali muzokaralar' yakunlari bo'yicha Belgradda to'laqonli elchixona ochilishini kutmasdan, mamlakatning alohida diplomatik vakolatxonasini ochishga qaror qilganini aytdi.
'Kelgusi haftadayoq diplomatlarimizni yuboramiz. Ular Serbiya kompaniyalariga o'zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishda har tomonlama yordam beradi', — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning so'zlariga ko'ra, o'zbekistonlik diplomatlar kelgusi haftadayoq Serbiyaga yuboriladi. Ularning vazifalaridan biri Serbiya kompaniyalariga O'zbekistondagi hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatishda ko'maklashish bo'ladi.
Biznes-forumda Aleksandr Vuchich O'zbekiston bilan mudofaa sanoati sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida ham alohida to'xtaldi.
Uning so'zlariga ko'ra, Serbiya taxminan bir yildan keyin uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda va bu yo'nalishda O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. Vuchich Serbiya hozirda qisqa masofali raketalar ishlab chiqarayotgani va bir qator davlatlardan texnologiyalar olayotganini ham ta'kidladi.
'Bir yildan keyin biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada ham sizlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu Serbiya aholisiga juda kam aytadigan yangiliklarimizdan biri. Ammo bu bizning texnologik va sanoat sohasidagi taraqqiyotimizni ko'rsatadi. Mutaxassislarimiz allaqachon ko'p natijalarga erishdi. Ishonamanki, aytganimdek, bir yildan keyin buni ham amalga oshira olamiz. Bu sohada O'zbekistondagi birodarlarimiz va do'stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz', — dedi Vuchich.
Tashrif davomida Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevga Serbiyaning eng oliy davlat mukofoti — katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordenini ham topshirdi. Serbiya prezidentining aytishicha, mukofot ikki davlat o'rtasidagi do'stona munosabatlarni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun berilgan.
Serbiya mudofaa sanoati G'arbiy Bolqondagi eng yirik mudofaa sanoati hisoblanadi. Mamlakatning qurol-yarog' va harbiy texnika eksporti 2020-yildagi 384 mln dollardan 2023-yilda 1,6 mlrd dollarga yetgan. Serbiyada zirhli texnika, artilleriya, o'q-dori, raketa, dvigatel va uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchi qariyb 200 ta davlat va xususiy mudofaa korxonasi faoliyat yuritadi.
BMTning Oddiy qurol-yarog'lar reyestri ma'lumotlariga ko'ra, Serbiya 2022-yildan buyon minglab artilleriya tizimlari va o'q-dorilar, qariyb 18 mingta ko'p stvolli reaktiv tizimlar uchun raketa va ularning ishga tushirish qurilmalarini, shuningdek, katta hajmda o'qotar va tankka qarshi qurollarni eksport qilgan. Serbiya harbiy mahsulotlarining asosiy xaridorlari orasida Bolgariya, AQSh, BAA, Saudiya Arabistoni va Iroq bor.
(0)Comments